TURK DUNYOSI UNIVERSITETLARI ITTIFOQIGA O‘ZBEKISTONNING 4 TA OLIY TA’LIM MUASSASASI A’ZO BO‘LDI

Qozog‘istonning Turkiston shahrida joylashgan Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universitetida Turkiy kengash Turk dunyosi universitetlari ittifoqining V Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tdi.

 

 

Anjumanda Qozog‘iston, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Vengriyadagi 32 ta oliy o‘quv maskani rektorlari, olimlar va talabalar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari, diplomatlar, ekspertlar, jamoat va madaniyat arboblari ishtirok etdi. 

Anjumanda "O‘rxon" mobillik dasturi masalalari va uni rivojlantirish bo‘yicha aniq qadamlar muhokama qilindi. A’zo universitetlar tomonidan dastur doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida hisobot berildi. Bundan tashqari, 2021–2022-yillarga mo‘ljallangan "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

V Bosh Assambleyada Turk dunyosi universitetlari ittifoqiga bir qator universitetlar a’zo bo‘ldi. Jumladan, O‘zbekistondan – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Qo‘qon universiteti. 

Eslatib o‘tamiz, Turk dunyosi universitetlari ittifoqi kengashi 2013-yilda tashkil etilgan. Hozirda Ittifoqning Qozog‘iston, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Vengriyadan 40 dan ortiq a’zosi bor.

 

 

 

Manba: Axborot xizmati