21/07/2022

NAVOIYLIK YOSH OLIMA AKITA (YAPONIYA) UNIVERSITETINING XALQARO DASTURIDA ISHTIROK ETMOQDA

    Nodira Saidova 1998 yilda Xatirchi tumanida tug’ilgan. U bugungi kunda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti ikkinchi kurs magistranti. Hozirda yosh olima ilmiy rahbari To`lqin Nurmurodov va boshqa professor o’qituvchilar bilan “BIOX jarayonida hosil bo’ladigan temir tutgan minerallarni tadqiq qilish” mavzusida ilmiy izlanish olib bormoqda.

 Biooksidlash natijasida temir tutgan minerallar, shu jumladan, yarozit, temir arsenat, getit va boshqa minerallar hosil bo’ladi. Yarozit bu nisbatan kam tarqalgan temir gidroksosulfatning kaliy, natriy, ammoniyli mineralidir. So’nggi yillarda yarozit mineraliga bo’lgan qiziqish ortib bormoqda. Yarozit kislotali kon drenajlari (KKD) ifloslanishida muhim rol o’ynaydi. KKD ifloslanishi, ya’ni zaharli metallarni atrof-muhitga chiqarilishi, har qanday konchilik jarayoni natijasida sodir bo’ladi.

N.Saidova olib borayotgan ilmiy ishdan maqsad ayni shu minerallarning hosil bo’lish sharoitlari, xossalarini chuqur tahlil qilish va ularning hosil bo’lishi oldini olishdan iborat.

Akita universiteti (Yaponiya) tomonidan "ICREMER" (The International Center for Research and Education on Mineral and Energy Resources — Mineral va energiya resurslarini tadqiq qilish xalqaro markazi) qisqa muddatli dasturi joriy yilning 4-iyulida boshlangan bo’lib, 29-iyulgacha davom etadi. Mazkur dastur 2011 yildan beri dunyo bo`ylab xalqaro tadqiqotchilarni qamrab oladi. Dastur ekskursiyalardan, ma'ruzalar, o'quv qo'llanmalardan iborat. Har bir ma`ruzadan keyin ishtirokchilar test orqali baholanadi. Biroq, joriy yilda pandemiya tufayli barcha jarayonlar onlayn tarzda davom etmoqda va dunyo bo’ylab 150 ta tadqiqotchi qatnashayapti.

— Ma`ruzalar ruda konlari, Akita geologiyasi, burg`ulash, resurs muhandisligi, minerallarni qayta ishlash, minerallar iqtisodiyoti, xalqaro hamkorlik, resurs geopolitikasi kabi mavzularda bo’lmoqda, — deydi vakilamiz. — Bundan tashqari, virtual laboratoriya ishi geologiya, neft muhandisligi, minerallarni qayta ishlash, metallurgiya sohalari, virtual dala sayohati esa mis konini, vulqonni kuzatish, qayta ishlash zavodi, oqava suvlarni tozalash jarayonlarini kuzatish kabi amaliy mashg’ulotlarni o`z ichiga oladi. Bu dastur orqali ko`plab yangi bilimlarga ega bo`lyapman va yangi do`stlar, ustozlar orttiryapman. Shuningdek, Yaponiya madaniyati va tilini o`rganish imkoniyatiga ega bo`ldim.

Aytish lozim, bu N.Saidovaning ilk yutug’i emas. U Navoiy davlat konchilik instituti bakalavr bosqichida o’qib yurgan kezlari — 2020/2021-o’quv yilida Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi bo’lgan edi. Bundan tashqari, 2022 yilda yosh olima xalqaro IELTS imtihonidan 7 ballni qo`lga kiritib, maxsus sertifikatga ham erishdi. 

 

Qayd etish kerak, chet elning nufuzli oliygohlarida malaka oshirayotgan yoki o’qiyotgan mazkur universitet vakillari — iqtidorli va bilimli yoshlar anchagina. Ana shunday yosh tadqiqotchilarimiz hayoti va ilmiy faoliyati haqida BIZNING YOSH OLIMLAR ruknida materiallar e’lon qilib boriladi. Kanalimizni kuzatib boring.

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti Axborot xizmati.