"MURUNTOV” FORUMI – ISHLAB CHIQARISH VA OLIY TA’LIM HAMKORLIGINING YORQIN NAMUNASI

Navoiy davlat konchilik institutida oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokida ilk bora “Muruntov” forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Prezident SHavkat Mirziyoev raisligida joriy yilning 16 iyun kuni oliy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosiga qaratildi.


Forumda mamlakatimizning etakchi oliy ta’lim muassasalari, jumladan O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent moliya instituti, Farg‘ona politexnika instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali va Navoiy davlat pedagogika instituti rahbarlari ishtirok etdilar. Ular Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 2 va 7-gidrometallurgiya zavodlariga hamda dunyodagi eng yirik oltin konlaridan biri – “Muruntov”ga tashrif buyurishdi. 


Tadbir ishtirokchilari Navoiy davlat konchilik institutining o‘quv va ilmiy laboratoriya bazasi hamda texnoparki bilan yaqindan tanishib, Navoiy kon-metallurgiya kombinati va konchilik instituti o‘rtasida yaratilgan chuqur va o‘ziga xos integratsiya tajribasi bilan yaqindan tanishdilar. Tadbir ishtirokchilari o‘quv va ilmiy tadqiqot sohalaridagi tajribalarni boshqa oliy ta’lim muassasalariga joriy qilish, laboratoriya bazalaridan jamoaviy foydalanishning samarali mexanizmalarini ishlab chiqish kabi dolzarb masalalarni muhokama qilishdi.


Mazkur forum doirasida oliy o‘quv yurtlari o‘zaro hamkorlikni maqsadli tashkil etish, ishlab chiqarish bilan mehnat bozori talablariga mos mutaxassislarni tayyorlash, korxonalardagi ishlab chiqarishga aloqador muammolarini echishda kafedralar huzurida ilmiy markazlar tashkil etish orqali natijadorlikka erishishga kelishib olindi. Kelgusida ishlab chiqarish korxonalarining texnologik va iqtisodiy modernizatsiya qilishda oliy ta’lim muassasalari rolini oshirish mexanizmlari zarurligi qayd etildi.
Tadbir yakunida ishtirokchi oliy ta’lim muassasalari,  Navoiy davlat konchilik instituti va Navoiy kon-metallurgiya kombinati o‘rtasida o‘zaro hamkorlik shartnomalar imzolandi.

Manba: NDKI Axborot xizmati