Britaniya kompaniyasi 15 dollarlik mikrokompyuterni namoyish qildi

 
Foto: Raspberry

Mikrokompyuterlar ishlab chiqaruvchi Raspberry Pi Foundation britan kompaniyasi bir platali Raspberry Pi Zero 2 W kompyuterini namoyish qildi. E'tiborlisi, yangi kompyuter bor-yo‘g‘i 15 dollar turadi.

Raspberry Pi Zero 2 W’ning 2015 yilda chiqarilgan avvalgi modelga nisbatan ko‘rsatkichlari ancha yaxshilangan. Jumladan, yangi modelning unumdorligi 5 marta oshgan.

Mikrokompyuter 64 bitli 4 yadroli Broadcom BCM2710A1 protsessorida ishlaydi. Shuningdek, qurilma LPDDR2 standartidagi 512 Mb tezkor xotira, mini-HDMI, USB, microUSB razyomlari bilan jihozlangan. Bundan tashqari, u Bluetooth 4.2 va Wi-Fi 802.11n simsiz aloqa standartlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Kompaniya kompyuter ishlash jarayonida qizib ketmasligiga va'da bermoqda. Undagi mis qatlamidan tayyorlangan radiator plataning sovishini ta'minlaydi.

Mikrokompyuterga kompaniya saytida buyurtma berish mumkin. Uning bazaviy versiyasi narxi 15 dollar turadi.