FAN-TA’LIM-ISHLAB CHIQARISH INTEGRATSIYASI YANGI BOSQICHGA KO‘TARILADI

Bugungi kunda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning asosiy yo‘nalishlariga hamda xalqaro standartlarning talablariga mos keladigan oliy ta’lim tizimini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, ta’lim, ilm-fanga juda katta e’tibor berilayotganligi ilmiy jamoatchilikni cheksiz quvontirmoqda.

Davlatimiz rahbari SH.Mirziyoev raisligida joriy yilning 16 iyun kuni oliy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari sohadagi 4 ta ustuvor vazifani ko‘rsatib o‘tdi:

Birinchisi – oliy ta’lim muassasalari boshqaruv kengashlarining rolini oshirish va kafedralar vakolatlarini kengaytirish.

Ikkinchisi – o‘quv jarayonini bozor talablariga moslashtirib, ishlab chiqarish bilan uzviyligini ta’minlash va talabaning o‘z ustida ishlashi uchun muhit yaratish.

Uchinchisi – oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirish, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish.

To‘rtinchisi – professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun qog‘ozbozlikni kamaytirish, sohani raqamlashtirish orqali byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish.

Bu vazifalarni samarali bajarish uchun oliy ta’lim muassasalariga akademik va tashkiliy-boshqaruv bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish vakolati berilishi ta’kidlandi.

Xususan, oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyati masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Misol uchun, 24 ta oliy o‘quv yurtining ilmiy salohiyati 25 foizga ham etmasligi, 19 tasida birorta professor va fan doktori yo‘qligi tanqid qilindi. SHu bois, Prezidentimiz kelgusi yildan doktoranturaga kvotalar sonini 2 baravar ko‘paytirish, keyingi yillardan har yili 50 foizga oshirib borishga ko‘rsatmalar berdi.

Haqiqatdan ham, bajargan ishlarimizni bugungi kun talabi darajasida deb bo‘lmaydi. Zero, yurtboshimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar nafaqat ta’limning rivojlanishi, balki, taraqqiyotning yangi bosqichini boshlab beradigan fan-ta’lim-ishlab chiqarish aloqalarini rivojlantirishning zamonaviy dasturi sifatida ham e’tirof etish mumkin. Ushbu dasturning hayotga tadbiq etilishi esa istiqbolda har bir oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalarida ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyat natijalarini tijoratlashtirishning aniq mexanizmlari yaratilishiga, ilmiy tadqiqotlarni ishlab chiqarishga qo‘llash samaradorligi ortishiga xizmat qiladi.

Ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasining sanoat salohiyatini oshirish, iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlashni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan Navoiy davlat konchilik institutining Nukus filialida Prezidentimiz tomonidan mazkur uchrashuvda belgilab berilgan ustuvor vazifalar va ularning ijrosi masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan 2020 yil 8 iyundagi «Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi va 2021 yil 21 apreldagi «Geologiya sohasiga investitsiyalarni faol jalb etish, tarmoq korxonalarini transformatsiya qilish va respublika mineral-xom ashyo bazasini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorlari asosida institutning professor-o‘qituvchilari va ilmiy-xodimlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi geologik tuzilmalarini yanada chuqur o‘rganish va er ostidagi foydali qazilmalarni xalq xo‘jaligida oqilona foydalanish,  konlarning joylashuvi, foydali qazilma zaxirasidan kelib chiqib chet el investitsiyalarini jalb qilish borasida samarali ishlar amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, Bӯzatov, Beruniy va Qorao‘zak tumanlaridagi konlar o‘rganib chiqilmoqda va takliflar tayyorlanmoqda.  

Albatta, sohaga qaratilayotgan bunday e’tibor davlatimizning oliy ta’lim sohasida yangi bosqichni boshlab berdi. Demak, biz ilm va ta’lim sohasi vakillarining bunday g‘amxo‘rlikka barcha bilim va tajribalarimizni ishga solgan holda munosib  javob berishimiz lozim. Vaqtning o‘tishi bilan bunday mashaqqatli ishlar o‘zining ijobiy natijasini berishiga to‘liq ishonamiz.

Atabek Kaipbergenov,  

Navoiy davlat konchilik instituti Nukus filiali direktori, texnika fanlari doktori, dotsent.