O‘ZBEKISTONNING ENG YAXSHI 10 TA MAKTABI E'LON QILINDI!

Bugun, 3 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida umumta’lim maktablari reytingini e’lon qilishga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda ta’lim sifati bo‘yicha mamlakatning eng yaxshi 10 ta maktabi aytildi. Bu haqda anjumanda qatnashgan QALAMPIR.UZ muxbiri xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, ta’lim sifati bo‘yicha respublika maktablari reytingida quyidagilar eng yuqori pog‘onani band etgan:

Navoiy shahridagi 11-sonli, Parkent tumanidagi 5-sonli, Mirobod tumanidagi 60-sonli, Davlatobod tumanidagi 58-sonli, Uchquduq tumanidagi 20-sonli, Pop tumanidagi 64-sonli, Narpay tumanidagi 6-sonli, Zarafshon shahridagi 1-sonli, Koson tumanidagi 72-sonli hamda Furqat tumanidagi 34-sonli maktab o‘rin oldi. 

So‘nggi o‘rinlarda esa Ohangaron t 43-sonli, Rishton tumanidagi 56- va 55-sonli, Dehqonobod tumanidagi 54-sonli, Qarshi shahridagi 41-sonli, To‘rtko‘l tumanidagi 52-sonli, Quyi Chirchiq tumanidagi 42-sonli, Amudaryo tumanidagi 61-sonli, Qarshi tumanidagi 70-sonli va Dehqonobod tumanidagi 38-sonli maktab ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi 14 ta hududdagi 207 ta tuman (shahar)larda joylashgan 9622 ta maktablar faoliyati tahlil qilgan.

Reyting mezonlarini belgilashda xalqaro tajriba (Finlyandiya, AQSH, Janubiy Koreya, Rossiya) hamda mahalliy ustuvor masalalarga alohida e’tibor berilib, 4 ta yo‘nalishda 8 ta indikator belgilangan. Bular:

•    o‘quvchilarning hayotga tayyorgarlik darajasi (bilim darajasi, oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi, xorijiy tilni bilish darajasi va bandlik);
•    pedagoglarning sifat tarkibi va salohiyati (oliy va birinchi toifaga ega pedagoglar ulushi);
•    maktablardagi ma’naviy-ma’rifiy va o‘quv-tarbiyaviy muhit 
•    (5 ta tashabbus doirasida amalga oshirilgan ishlar va o‘quvchilar orasida jinoyatchilik);
•    mahalliy hokimliklarning maktablar rivoji uchun qo‘shgan hissasi (mahalliy byudjetning orttirilgan mablag‘lari hisobidan maktab rivoji uchun sarflangan mablag‘lar).

Eslatib o‘tamiz, Navoiy va Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahri umumta’lim maktablarida berilayotgan ta’lim sifati bo‘yicha eng yuqori o‘rinni egalladi. Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari esa eng quyidan joy oldi.