ROSSIYA FEDERATSIYASI FAN VA OLIY TA’LIM VAZIRI BILAN OLIY TA’LIMDAGI MASALALAR MUHOKAMA QILINDI

Xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigirma ikkinchi yigʻilishi munosabati bilan  Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Moskva shahrida boʻlib turibdi.

 

 

Tashrif  dasturi doirasida ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirokida turli uchrashuvlar tashkil etildi. Xususan, Oliy va oʻrta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulov bilan Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy ta’lim vaziri Valeriy Falkov oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

 Uchrashuv davomida ikki tomon ham fan va ta’lim sohasida amalga oshirilgan ishlar, yutuqlar, soha istiqbollari haqida soʻz yuritishdi. Jumladan, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik jadal rivojlanayotgani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, Oʻzbekistonda Rossiya oliy ta’lim muassasalari filiallari ochilishi va faoliyat yuritishining konseptual masalalari,  ilmiy tadqiqot sohasidagi hamkorlik va bugungi kun sharoitida ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari hamkorligining innovatsion mexanizmlari muhokama qilindi.

 

Qayd etish lozimki, bugungi kunda mamlakatimizda Rossiya oliy ta’lim muassasalari filiallarining soni 15 taga yetdi. Bundan tashqari, Rossiyaning 48 ta oliy oʻquv yurtlari bilan respublikamizning 31 ta oliy oʻquv yurtlarida qoʻshma ta’lim dasturlari boʻyicha kadrlar tayyorlash amalga oshirilmoqda.