Dual ta'lim

Dual ta’lim tizimi – ixtisoslashgan ta’lim turi bo‘lib, talaba nazariy bilimlarni ta’lim muassasasida, amaliy ko‘nikmalarini esa bevosita ish joyida, ya’ni tashkilotda olish imkoniyatini yaratib beradi. Dual ta’limining asosiy maqsadi ta’lim muassasasi va ish beruvchilarning sa’y-harakatlari amaliy mashg‘ulotlarning asosiy omili sifatida birlashtirib, talabalarning kasbiy tayyorgarlik sifatini oshirishdan iborat.

Dual taʼlimning afzalliklari

Dual taʼlim tizimi anʼanaviy taʼlimga nisbatan bir nechta afzal jihatlarga ega.

Talaba oʼqish jarayonida korxonada amaliy koʼnikmalarga va jamoada muayyan obroʼ-nufuzga ega boʼladi. Korxona toʼlaydigan stipendiya tufayli talaba oʼqish jarayoniga chuqur shoʼngʼishi mumkin. Talaba ishlab chiqarishda oʼzini qanday namoyish eta olganiga qarab, u oliy ta’limni bitirgandan keyin xuddi shu korxonaga uni ishga taklif qilishlari mumkin. Shunday boʼlgan taqdirda u boshqa ish qidirishga vaqt sarflab oʼtirmaydi, yangi lavozim majburiyatlarini egallashga harakat qilmaydi, yangi jamoalarga koʼnikishi ham shart boʼlmaydi. Koʼpincha korxonada oʼqish vaqtida yuqori bilim va qobiliyatni namoyish eta olgan bitiruvchini muvaffaqiyatli istiqbol kutadi.

Ish beruvchi korxonaning talablariga muvofiq keluvchi (chetdan kelgan boshqa nomzodlardan farqli oʼlaroq) malakali mutaxassislarni qoʼlga kiritadi. Natijada u yaqin kelajakda taʼlim oluvchiga sarf etgan oʼz kapitalidan oʼrta muddatli istiqbolda koʼproq samarani qoʼlga kiritadi. Korxona xodimlarni tanlash va qayta oʼqitish bilan bogʼliq xarajatlarni iqtisod qilib qoladi.